Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya Qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining Parij—2024 yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda so‘z olgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoasining natijalari va Timur Kapadzening gaplariga to‘xtalib o‘tdi:
“Timur Kapadze aytgan muammolar? Boshqalarda ham juda ko‘p muammolar bor edi. Bu dastlabki kunlarda sodir bo‘ldi. Futbolda ehtiros kuchli bo‘ladi va Kapadze biroz hissiyot bilan gapirdi. Boshqalarda ham bu muammo bor edi, lekin ular oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Menimcha, bahona qidirishimiz emas, oldinga harakat qilishimiz kerak”.
O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Parij Olimpiadasida Ispaniya (2:1) va Misr (1:0) terma jamoalariga mag‘lub bo‘ldi hamda Dominikan Respublikasi bilan (1:1) durang o‘ynadi. Jamoa C guruhida 4-o‘rinni egalladi.
Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze esa tayyorgarlikka yetarlicha vaqt bo‘lmagani, ba’zi futbolchilarda charchoq alomatlari sezilgani, tashkilotchilik borasida kamchiliklar to‘g‘risida gapirib o‘tgandi.
Izoh (0)