O‘zbekiston milliy jamoasining KXDR termasiga qarshi uchrashuvi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Stadion chimini yaxshi holatda saqlash uchun “Lokomotiv”—“Qizilqum” bahsi 24-avgust kuni “Do‘stlik” stadionida o‘tkazilishi maʼlum qilingandi.
Endi ushbu uchrashuv 25-avgustga ko‘chirildi.
“Liga hamda Sport telekanaliga bog‘liq bo‘lmagan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xabaringiz bor, ayni vaqtda O‘zbekiston futzal bo‘yicha Jahon chempionatini o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rmoqda. Musobaqa teletranslyatsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi va buni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida teleradiokompaniyaning hissasi bor.
Superliga uchrashuvida esa VAR texnikasining faoliyat olib borishi muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun bellashuv suratga tushirilishi lozim. Shundan kelib chiqib, Sport hamda Liga o‘zaro kelishgan holda har ikki klub bilan muzokara olib bordi va yakunda uchrashuvni yana 1 kunga surishga qaror qildi.
Shuningdek, “Qizilqum” klubining U21 jamoasi aʼzolari Toshkentga kelishi uchun allaqachon chiptalar xarid qilinganidan kelib chiqib, o‘rinbosarlar o‘rtasidagi uchrashuv sanasiga o‘zgartirish kiritilmadi. Kelishuvga ko‘ra, asosiy va U21 jamoalari o‘yini 25-avgust kuni parallel ravishda bo‘lib o‘tadi. Asosiy bellashuv 18:00 da start oladi.
Liga mavjud holat uchun futbol jamoatchiligidan uzr so‘raydi. Ayni vaqtda biz Superliga uchrashuvlarini belgilangan tartibda o‘tkazish uchun barcha vositani ishga solib kelmoqdamiz. Biroq Ligaga taalluqli bo‘lmagan boshqa masalalar ham borki, oxir-oqibat ular bilan hisoblashishimiz lozim. Umid qilamizki, jamoatchilik vaziyatni to‘g‘ri tushunadi”, deyiladi PFL matbuot xizmati bergan xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi KXDRga qarshi uchrashuvni 5-sentyabr kuni Toshkentda o‘tkazadi.
Izoh (0)