Isroilning G‘azo sektoriga davom etayotgan hujumi oqibatida halok bo‘lganlar 40 mingdan oshdi, oilalar o‘z yaqinlarini dafn qilishlari uchun qabristonlarda joy qolmadi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.
Falastinliklar qurbonlar uchun qabristonlarda, ayniqsa sektorning markaziy hududidan bo‘sh yerlar topish uchun kurashmoqda. G‘azo shahridagi qabriston ishchisi Saad Hasan Barakat umrining ko‘p qismini qabristonlarda ishlash bilan o‘tkazgani, lekin hech qachon bunday dahshatli vaziyatga duch kelmaganini aytgan.
U urushdan oldin har kuni bir necha jasadlar dafn etilgani, oktyabr oyidan beri esa bir kunda 70, 80, 100, hatto 300 ta jasadni ko‘mganini ta’kidlagan.
“Qiyinchilik shundaki, qabr qazish uchun joy qolmadi, shuning uchun jasadlarni ustma-ust qo‘ymoqdamiz. Bu yerda bir yoki ikki emas, balki uch qavatli qabrlar bor”, dedi u.
Ilgari hududdagi to‘qqizta qabristonni nazorat qilgan Barakat, hozirda davom etayotgan bombardimonlar tufayli faqat ikkita qabristonga kira olishini aytdi.
“Bombardimon kecha-yu kunduz davom etmoqda”, dedi u.
U jasadlar ommaviy qabrlarga bepul ko‘milayotgani, ammo alohida qabr so‘raganlar taxminan 300 shekel (80 dollar) to‘lashi kerakligini aytdi.
G‘azo markazidagi Nusayrat qochqinlar lageridan ko‘chirilgan falastinlik Muhammad Abdullohning aytishicha, Isroil harbiylarining tinimsiz hujumlari jasadlarni dafn etishni tobora qiyinlashtirmoqda.
“Shahidlar soni qo‘rqinchli va dahshatli tarzda ko‘paymoqda. Eng kichik qirg‘inda ham biz 10 yoki 20 kishini yo‘qotamiz. G‘azoning markaziy qismida atigi uchta qabriston bor va ularning bari to‘lib bo‘lgan”, deydi u.
Abdulloh yaqinda sakkizta jasadni ko‘mishga urinish chog‘ida ilgari ko‘milgan jasadlar topilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, qabristonlar nafaqat marhumlar, balki tiriklar bilan ham to‘lib ketgan, chunki ko‘chirilganlar har qanday bo‘sh joyda boshpana izlamoqda.
“Yangi qabrlarni ochish uchun joy yo‘q, chunki ko‘chirilgan ko‘plab odamlar qabristonlarda boshpana topgan. Tirik o‘liklar birinchi o‘rinda turadi”, dedi u.
Izoh (0)