Shu yilning aprel oyida aktrisa Muhabbat Abdullayeva ijtimoiy tarmoqlar orqali yolg‘iz qizi Karina Tailandda dahshatli avtohalokatga uchragani va uni davolash uchun katta mablag‘ talab etilayotganini aytib, xalqdan yordam so‘ragandi.
Mototsikl ishtirokidagi avariya shu yilning 31-mart kuni Tailandda sodir bo‘lgandi. To‘rt oylik tibbiy muolajalardan so‘ng Karinaning ahvoli qoniqarli. U yaqin kunlarda Toshkentga qaytib keladi.
— Davolanish uchun katta mablag‘ sarflandi. Qizim ancha vaqt komada edi. Kasalxonaning kunlik to‘lovi 955 AQSH dollari bo‘lgani uchun uni kunduzgi davolanishga o‘tkazishga majbur bo‘ldik. O‘zim Tailandga borolmadim, qo‘ldan kelgancha ishladim, mehribon muxlislarim jo‘natgan pullarni Tailanddagi do‘stlariga yuborib turdim. Qizimni uyiga olib chiqib, kolyaskali maxsus skuterda har kuni davolanishga olib borishdi. Ulardan minnatdorman, katta yordam berishdi. Tailandning o‘zida 15 ming yevro xayriya puli yig‘ildi. Muxlislarim orasida shunchalik qadrli ekanimni boshimga ish tushganida chuqurroq his qildim. Ular katta yordam berishdi, hozir ham qaysi davraga kirib bormay albatta, qizimning ahvolini so‘rashadi. Tailanddan keyin qizimni Germaniyaga olib borishdi. U yerda ham bir muddat davolandi, endi Toshkentga keladi. Ammo davolash ishlari yakunlangani yo‘q. Qizim juda asabiy bo‘lib qolgan, bundan tashqari ko‘rish qobiliyati ham anchayin susaygan. Kuchli stress taʼsirida bezovtalanib birdan uyg‘onib ketadi, vasvasaga tushadi. Nasib qilsa, Toshkentga kelganidan keyin bu yerlik shifokorlarga ham ko‘rsatmoqchiman, — deydi aktrisa Muhabbat Abdullayeva.
Izoh (0)