Bolalar ombudsmaniga Surxondaryo viloyatida yashovchi SH.M. (ayol)dan murojaat kelib tushdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.
Murojaatida SH.M. 3-iyun kuni 1992-yilda tug‘ilgan qo‘shnisi B.SH. (erkak) 2014-yilda tug‘ilgan qizi D.A.ga uyida hech kim yo‘qligidan foydalanib, uyatsiz qiliqlar qilib, uning jinsiy daxlsizligiga tahdid qilganini maʼlum qilgan.
SH.M. yozishicha, B.SH. voyaga yetmagan qiziga agar bo‘lgan holatni kimgadir aytadigan bo‘lsa, uni o‘ldirish bilan qo‘rqitgan. B.SH. ayolning uyiga kirib, qilgan ishlarini SH.M.ning qizi videotasvirga tushirib olganini, ayol bu holat yuzasidan tergov organlariga xabar berganini, lekin ular tomonidan tegishli chora ko‘rilmayotganini bildirib, farzandining huquqlarini himoya qilishda yordam so‘ragan.
Bolalar ombudsmanining Ichki ishlar vazirligiga yuborgan so‘rovi asosida Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur holat yuzasidan 7-iyul kuni B.SH.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 2-qismi “v” bandi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyat ishi yuzasidan 26-iyul kuni ayblanuvchi B.SH.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi materiallari tegishli sudga yuborildi.
Izoh (0)