Buyuk Britaniyaning qochqinlarni qabul qilishiga qarshi chiqqan yuzlab odamlar Roterhemdagi migrantlar yashaydigan mehmonxonaga hujum qildi.
“Avvaliga olomon orasida migratsiyaga qarshi shiorlar aytilgan, so‘ng politsiyachilarga qarata stullar, stollar, bo‘sh shisha va boshqa buyumlar uloqtirilgan”, deb yozadi Daily Mail.
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videotasvirlarda namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanishidan oldin politsiyaning niqob kiygan odamlarni mehmonxonadan uzoqlashtirishga urinayotgani aks etgan.
Politsiya o‘t o‘chirish vositalarini qo‘llagan, biroq bu vaqtda migratsiya muxoliflari mehmonxonaga bostirib kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ular eshiklarni buzib, derazalarni stullar bilan sindirgan. Politsiya xodimlaridan biri tez yordam mashinasida olib ketilgan va bir qancha agressiv namoyishchilar hibsga olingan.
Mirror nashriga ko‘ra, xuddi shunday aksiya Tamvort shahrida qochqinlar yashaydigan mehmonxona yaqinida ham bo‘lib o‘tgan. Namoyishchilar politsiyachilarga va bino derazalariga tosh otgan.
29-iyul kuni Angliya shimolidagi Sautport shahrida 17 yoshli o‘smir raqs tadbirida uch qizni pichoqlab o‘ldirgan edi. 17 yoshli qotil o‘smir Buyuk Britaniyada tug‘ilgani, uning ota-onasi mamlakatga Ruandadan kelgani aniqlangan.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kiy Starmer tartibsizliklarni uyushtirayotgan “o‘ng qanot” harakatlarini oqlab bo‘lmasligini aytgan. U aybdorlar javobgarlikka tortilishini ta’kidlagan.
Izoh (0)