Britaniyada o‘ta o‘ng kuchlar tomonidan uyushtirilgan migrantlarga qarshi namoyishlar mamlakat bo‘ylab tartibsizliklarga aylangani sababli 90 dan ortiq kishi hibsga olindi.
Xabarga ko‘ra, Xall, Liverpul, Bristol, Manchester, Stok-on-Trent, Blekpul va Belfastda yirik tartibsizliklar sodir bo‘lgan. Ularning ishtirokchilari do‘konlarni vayron qilib, politsiya xodimlariga hujum qilgan. Biroq kichikroq namoyishlar paytida hech qanday zo‘ravonlik kuzatilmagan.
Bosh vazir Key Starmer politsiyaga nisbatan “nafrat uyg‘otmoqchi bo‘lgan ekstremistlar”ga qarshi kurashda hukumatning to‘liq yordamini va’da bergan.
Qirollikdagi tartibsizliklar sababi
Boshlangan tartibsizliklar so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatda eng keng tarqalgan tartibsizliklardan biridir. Ularga migrantlar oilasidan bo‘lgan 17 yoshli o‘smir tomonidan sodir etilgan jinoyat sabab bo‘lgan. 29-iyul kuni u Sautport kurort shahrida 6 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan raqs studiyasiga pichoq bilan hujum qilgan.
Hujum oqibatida 3 qiz halok bo‘lgan, 8 nafar bola pichoqlangan, ulardan 5 nafarining ahvoli og‘ir. Bolalarga yordam berishga shoshilgan ikki kishi ham og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga joylashtirilgan. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
30-iyul kuni Sautportda o‘ng qanot ekstremistik namoyishlar zo‘ravonlikka aylangan. Natijada 39 nafar politsiyachi yaralangan. Namoyishchilar rasmiylarni jinoyatchining asl kelib chiqishini yashirishda ayblashgan. Politsiya bu ma’lumotni yolg‘on deb atab, gumonlanuvchi Aksel Rudakubana Buyuk Britaniyada tug‘ilgani va qo‘shni Sautportga qo‘shni Benks shaharchasida yashaganini ta’kidlagan. Uning ota-onasi ruandalik bo‘lgan.
Bir kun o‘tib London markazida britaniyalik o‘ta millatchilarning norozilik namoyishi chog‘ida 100 dan ortiq odam hibsga olingan. Faollar mamlakatga noqonuniy migrantlarning kirib kelishini to‘xtatishni talab qilgan. Namoyish politsiya bilan janjalga aylanib, bir necha politsiyachi va bir tibbiyot xodimi yengil tan jarohati olgan. Britaniya OAVlari xabar berishicha, namoyishchilar Dauning-stritdagi bosh vazir qarorgohi yonidagi panjara ustidan shisha va feyerverk uloqtirgan.
Izoh (0)