AQSH prezidenti Jo Bayden ikki nafar eng yaqin maslahatchisi bilan uchrashuvdan so‘ng qayta saylanish urinishidan voz kechishga qaror qildi. Bu haqda Politico xabar berdi.
Bayden 21-iyul kuni ikkinchi muddatga saylanmasligini e’lon qilgan edi. U o‘z vitse-prezidenti Kamala Harris nomzodini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp Harrisni mag‘lub etish unga ancha oson bo‘lishini bir necha bor ta’kidlagan.
Politico’ga ko‘ra, 20-iyul kuni Bayden o‘z shtab-kvartirasiga saylov kampaniyasi qizg‘in pallada ekanini aytgan. U ikki nafar eng yaqin yordamchisi bilan uzoq suhbatdan keyin o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan. Manbalarga ko‘ra, Mayk Donilon va Stiv Riketti Baydenning Delaverdagi uyiga kelgan. Donilon Baydenning bosh siyosiy strategi va nutq muallifi hisoblanadi.
Donilon va Riketti Baydenga uning to‘xtab qolgan mablag‘ yig‘ish kampaniyasi haqida ma’lumot bergan va noyabrdagi saylovlarda g‘alaba qozonishning iloji yo‘qligini tasdiqlovchi jamoatchilik so‘rovnomalarini taqdim etgan.
The Wall Street Journalning yozishicha, aynan Donilon va Riketti Baydenning prezidentlik poygasidan chiqishi haqidagi bayonotni tayyorlashga yordam bergan.
Izoh (0)