Toshkent shahrining Uchtepa tumanida 905 kg isteʼmolga yaroqsiz pishloq muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Xondamir ko‘chasida joylashgan savdo shoxobchasida o‘tkazilgan tekshiruvda tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan fuqarolar Sh.U., M.U. va boshqalar isteʼmolchilarning sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan xorijda ishlab chiqilgan umumiy bahosi 102,3 mln so‘mlik 905 kg pishloq mahsulotini fuqaro B.A.ga 8,1 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)