Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq raisi, davlatga xiyonat va hokimiyatni egallab olishga urinishda ayblangan Karim Masimov Qozog‘iston prezidentiga maktub yo‘llab, avf etishni so‘radi. Bu haqda “Informburo.kz” xabar bermoqda.
“2024-yilning mart oyida u (Karim Masimov) Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga afv etish to‘g‘risida iltimosnoma yuborgan”, — deyiladi xabarda.
Masimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 218-moddasi 3-qismi 3-bandi (jinoiy yo‘l bilan olingan pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni legallashtirish) va 366-modda 4-qism (alohida yirik miqdorda pora olish) bilan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
2023-yilning aprel oyida Ostona sudi Karim Masimovni davlatga xiyonat, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinish, hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblab, 18 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. Uning o‘rinbosarlari Anuar Sadiqulov, Daulet Ergojin va Marat Osipov ham qamoq jazosiga hukm qilingan. Masimovga nisbatan ochilgan jinoiy ish “o‘ta maxfiy” toifaga kiritilgan. U Qozog‘istondagi yanvar voqealarining asosiy tashkilotchisi sifatida ko‘rilmoqda. O‘shanda 238 kishi vafot etgandi.
Izoh (0)