Shveysariya Milliy kengashi deputatlari Falastin davlatini tan olish taklifini qo‘llab-quvvatlamadi. Uning tan olinishi uchun 61 ta, qarshi bo‘lib esa 131 ta ovoz berildi.
Bu haqda parlament matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Milliy kengash Falastinni tan olishni istamaydi. Seshanba kuni u Syurixdan sotsial-demokratik partiya (SDP) deputati Fabian Molina taqdim etgan tegishli tashabbusni rad etdi”, — deyiladi bayonotda.
Molina “Milliy kengash 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va garovga olinganlarni ozod qilish sharti bilan Falastinni 1967-yil chegaralaridagi davlat sifatida tan olishi” ko‘rsatilgan rezolyutsiya loyihasini tasdiqlashni taklif qildi. U o‘z nutqida Irlandiya, Ispaniya va Norvegiya yaqinda Falastinni davlat sifatida tan olganini e’lon qilganini esladi. Deputatning fikricha, Falastinni Isroil bilan birga tan olish “mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi hamda Isroil-Falastin mojarosining adolatli va doimiy yechimiga yordam beradi”.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha ekspertlari 3-iyun kuni barcha davlatlarni Falastin davlatini tan olishga chaqirdi. Bu pozitsiya ularning Jenevada chop etilgan bayonotida bayon etilgan.
Unda aytilishicha, Falastinning tan olinishi “Falastin xalqi huquqlari, uning ozodlik va mustaqillik uchun kurashi va iztiroblarining muhim tasdig‘idir” va barcha davlatlar uni tan olganini e’lon qilgan 146 davlatdan o‘rnak olishi kerak.
Izoh (0)