Madridning “Real” klubi vingeri Vinisius Junior UEFA Chempionlar Ligasining 2023—2024-yilgi mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda turnir matbuot xizmati X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Ushbu mavsum Chempionlar Ligasida braziliyalik futbolchi 10 ta o‘yin o‘tkazib, 6 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Vinisius “Real” bilan birgalikda finalda Dortmundning “Borussiya” jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, turnir g‘olibiga aylandi.
Madridning “Real” klubi yarim himoyachisi Jud Bellingem joriy mavsumda Chempionlar Ligasining eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi.
Bellingem 2023-yil yozidan beri “Real”da o‘ynamoqda. Bungacha angliyalik yarim himoyachi Dortmundning “Borussiya” klubi sharafini himoya qilgan.

Bundan tashqari, UEFA matbuot xizmati Chempionlar Ligasining ramziy terma jamoasini ham tuzdi. Ushbu jamoadan 4 nafar “Dortmund” va “Real” klubi futbolchilari, 1 nafardan “PSJ”, “Manchester Siti” va “Bavariya” futbolchilari o‘rin olgan.
Izoh (0)