O‘zbekistonda psixologik yordam ko‘rsatishni tartibga solishga qaratilgan “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shaxnoza Xolmaxamatova xabar berdi.
Uning ta’kidlashicha, joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlarda 2 yoki 3 oylik shubhali kurslarni tamomlagan shaxslar o‘zlarini “psixolog” deb tanishtirib, odamlarning qimmatli vaqti va mablag‘ini “o‘g‘irlayotganligi”, bu masalani qonun bilan tartibga solish zaruratiga oid masala tez-tez ko‘tarilib turgandi.
“Ko‘p millionli auditoriyani o‘zida jamlayotgan ijtimoiy tarmoqlarni ham kuzatdik: haqiqatan ham, 5-6 ta risolani varaqlab chiqib, odamlarning ishonchiga kirib, ularning ruhiy, ma’naviy dunyosiga daxl qilayotgan “psixolog”lar ko‘payganini ko‘rib turibmiz. Bu mavzuda ilgari ham o‘z fikrimni bildirgandim: psixologlar faoliyatiga oid qonunchilikni takomillashtirish shart va zarur”, — deydi deputat.
Shaxnoza Xolmaxamatovaning bildirishicha, Qonunchilik palatasidagi bir guruh deputatlar bilan hamkorlikda masala chuqurroq o‘rganildi, mutaxassislar, ekspertlar bilan qayta-qayta uchrashib, muhokamalar o‘tkazildi. Bir necha oylik muttasil izlanishlardan so‘ng Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
“Demoqchi bo‘lganim, hozircha ilk va muhim qadam qo‘yildi, psixologlar faoliyatiga oid huquqiy asos yaratiladi”, — deydi deputat.
Loyihani tez orada palataga kiritish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)