Qashqadaryoda Telegram’da o‘zganing rasmlarini tarqatib yuborgan yigit qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatida yashovchi (ayol) Z.Z. murojaat qilib, o‘zining behayo foto hamda videotasvirlari nomaʼlum shaxs tomonidan Telegram messenjerida tarqatib yuborilganini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyatida yashovchi X.A. sodir etgani aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan X.A. Z.Z. bilan maʼlum vaqt ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan va uning turli behayo fotosuratlarini Telegram messenjeri orqali qo‘lga kiritib, tarqatib yuborgani maʼlum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan X.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qonunga muvofiq, bu kabi jinoiy xatti-harakatlar uchun 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
- 2023-yil iyul oxirlarida Buxoro shahrida erkak bilan ishqiy munosabatda bo‘lib, uni turmush o‘rtog‘iga oshkor qilmaslik evaziga telefon talab qilgan qiz qo‘lga olingandi.
- May oyida Toshkentda ayolning foto-videolarini eri va qaynotasiga ko‘rsatishini aytib, undan pul talab qilgan erkak ushlangani,
- Toshkent viloyatida 19 yoshli qizning suratlarini tarqatish bilan tahdid qilgan yigit qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)