Toshkent viloyatida internet orqali sodir etilishi mumkin bo‘lgan yana bir tovlamachilik jinoyatining oldi olindi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 23-may kuni Chinoz tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda 23 yoshli yigit 19 yoshli qizning shaxsiy suratlarni tarqatish bilan qo‘rqitib, 1000 dollar talab qilib kelgani aniqlangan. U qizdan talab qilgan pulning 1 million so‘mini olayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mart oxirlarida Andijonda talaba qizning shaxsiy suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik uchun pul talab qilgan shaxs ushlangani, shuningdek, Samarqandda erkak “Odnoklassniki”da tanishgan ayolning suratlarini montaj qilib, tarqatish bilan tahdid qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
O‘zbekistonda o‘zganing yalang‘och foto yoki videolarini tarqatish bilan qo‘rqitganlik uchun javobgarlik qanday?
Prezident tomonidan 11-aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.
Qonun bilan intim hayot daxlsizligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan, ya’ni Jinoyat kodeksi quyidagi mazmundagi 141-3-modda bilan to‘ldirilgan:
“Shaxsning roziligisiz uning tanasining va (yoki) jinsiy a’zolarining yalang‘och holdagi foto yoki videotasvirini o‘z ichiga olgan ma’lumotlarni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish yoki bunday ma’lumotlarni tarqatish bilan qo‘rqitish — bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha (120 million so‘mdan 180 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa.
360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.