Toshkent shahrida avval munosabatda bo‘lgan ayolning foto-videolarini eri va qaynotasiga ko‘rsatishini aytib, undan pul talab qilgan erkak ushlandi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, IIV tezkor-qidiruv departamenti tomonidan Toshkent shahrida yashovchi ayoldan tovlamachilik yo‘li bilan 10 ming dollar talab qilayotgan shaxs qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, bu ikki fuqaro 2019-yilda ijtimoiy tarmoq orqali tanishgan. Keyinchalik ayol o‘z oilasi bilan yarashib olgach, erkak uning intim foto-videolarini turmush o‘rtog‘i va qaynotasiga ko‘rsatish bilan qo‘rqitib 10 ming dollar talab qilgan.
Ayol oilasini saqlab qolish maqsadida dastlab ming, keyinchalik 700 dollar bergan. Biroq erkak undan yana 7 ming dollar talab qilgan. 10-may kuni u 5 ming 800 dollarni olayotgan vaqtda ushlandi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)