Germaniyalik murabbiy Hans-Diter Flik “Barselona” bosh murabbiyiga aylandi.
“Barselona” mutaxassis bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi. Flik bilan 2026-yil 30-iyungacha mo‘ljallangan bitim imzolandi.
59 yoshli Hans-Diter bunga qadar Germaniya terma jamoasini boshqargandi. JCH—2022 da nemislar guruh bosqichidan chiqa olmagan. Flik 2023-yilning kuzida terma jamoani tark etgan.
Qayd etib o‘tish joiz, 2021-yildan buyon “ko‘k-anorranglilar”ni boshqarib kelgan Xavi iste’foga chiqarildi.
Eslatib o‘tamiz, 28-yanvarda Xavi mavsum oxirida “Barselona” murabbiylik postini tark etishini ta’kidlagandi. Keyinchalik bir necha bor bu qarorini o‘zgartirmasligini ham aytib o‘tgandi. Biroq rahbariyat aprel oyida ispaniyalik mutaxassisni jamoada qoldirishga ko‘ndirgandi. Yana vaziyat o‘zgarib, klub murabbiy bilan hamkorlikni to‘xtatdi.
Xavi “Barselona”ni 2021-yilning noyabridan beri boshqarib kelayotgan edi. Uning qo‘l ostida jamoa Ispaniya chempionati va mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)