Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromaddan Ukrainaga yordam berish uchun foydalanishni ma’qulladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, mablag‘ning 90 foizi Ukraina armiyasiga yo‘naltiriladi. Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan keyin YI va G7 davlatlari Rossiyaning qariyb 300 milliard yevrolik valyuta zaxiralarini muzlatib qo‘ygan. Taxminan 200 milliard yevro YIning Euroclear hisoblarida.
Ittifoq a’zolari muzlatilgan Rossiya aktivlaridan faqat Ukrainani tiklashda foydalanish yo‘llarini muhokama qilishgan. Yevropa Markaziy banki Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun ushbu mablag‘lardan foydalanish yevro obro‘siga xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirgan.
May oyi boshida YI aʼzolari Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish uchun Rossiya aktivlaridan tushgan daromadlarni ishlatish bo‘yicha kelishib olgani aytilgan edi.
Kreml bunday qarorlarning qabul qilinishi xalqaro huquqning barcha normalari buzilishi ekanini ta’kidlagan. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovga ko‘ra, Moskva bunga javoban G‘arb davlatlarining Rossiyada muzlatib qo‘yilgan mablag‘larini qaytarmasligi mumkin.
Izoh (0)