2023-yilda O‘zbekiston ichki valyuta bozorida dollarga bo‘lgan talab yuqori darajada shakllandi. Bu haqda Markaziy bank raisi muovini Behzod Hamrayev Senatdagi chiqishida maʼlum qildi.
![](/static/2024/05/18/photo_2024-05-18_16-54-47-V-FDWsYr.jpg)
Behzod Hamrayevning aytishicha, o‘tgan yili yuqori iqtisodiy faollik fonida chet el valyutasiga bo‘lgan talabning taklif hajmidan sezilarli darajada ortishi kuzatildi.
“O‘tgan yili ichki valyuta bozorida 2022-yildagiga nisbatan 1,2 barobar ko‘p — 33,4 milliard AQSH dollari sotildi. Valyutaga bo‘lgan talab va taklif o‘rtasidagi tafovut 2023-yilda sotib olingan 6,6 milliard AQSH dollari ekvivalentidagi monetar oltin hamda neytrallik tamoyillari doirasida o‘tgan yillarda amalga oshirilmagan intervensiyalar hisobidan qoplandi”, —dedi Markaziy bank rasmiysi.
Qo‘shimcha qilinishicha, 2023-yil yakunlari bo‘yicha mamlakatda yillik inflyatsiya 8,8 foiz darajasida shakllangan. Bu ko‘rsatkich 2022-yildagiga nisbatan 3,5 foiz past hisoblanadi. Shu bilan birga, o‘tgan yili so‘m almashuv kursining qadrsizlanishi 9,8 foizni tashkil etgan.
Izoh (0)