Yaponiyada 15-may kuni ko‘plab oliygohlar talabalari Isroil bilan hamkorlikni to‘xtatishni talab qilib, namoyishlar uyushtirgan. Bu haqda xalqaro nashrlarga tayanib, Anadolu xabar berdi.
Manbada aytilishicha, eng yirik namoyishlar Yaponiya poytaxtidagi Kioto universitetida kuzatilgan. Falastinni qo‘llab-quvvatlagan talabalar universitet prezidenti Nagaxiro Minatoni Isroil tadqiqot institutlari bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatishga chaqirgan.
Falastinliklar bilan talabalar birdamligining xalqaro to‘lqinlari fonida Yaponiyadagi talabalar ham Isroil bilan har qanday hamkorlikni, jumladan, harbiy aloqalarni to‘xtatishni talab qilishgan. Tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik qilayotgan rejim bilan munosabatlarni uzishga chorlagan chaqiriqlar yangragan.
Kioto universiteti Isroil tadqiqot muassasalari bilan harbiy sohada hamkorlik memorandumiga ega. Universitetda ushbu yo‘nalishda izlanishlar olib borilishi maʼlum qilingan.
Yaponiyada talabalar namoyishi asosan universitetlar rahbariyati va yirik korporatsiyalar boshqaruvi aʼzolariga qaratilgan. Hukumatga nisbatan chaqiriq va undovlar deyarli kuzatilmagan.
Falastinni qo‘llagan talabalar namoyishlari Yaponiyadan tashqari Janubiy Koreya poytaxti Seul hamda Avstraliyaning yirik shaharlarida ham kuzatilgan. Ko‘p hollarda universitetlar rahbariyati talabalar noroziligini bostirish uchun mahalliy politsiyadan yordam so‘ragan.
Izoh (0)