BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda 5-avgust kuni Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Turkmanistondagi uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Serdar Berdimuhamedovni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili”da BMTning global konferensiyasi yuqori saviyada o‘tkazilgani bilan samimiy qutlagan. Turkmanistonning yuksak davlat mukofoti — “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlagani uchun minnatdorlik bildirgan.

Muloqotda bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston—Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

O‘zaro tovar ayirboshlash izchil ortib, sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya kengayib borayotgani qayd etilgan.
Faol hududlararo va gumanitar almashinuvlar davom etmoqda. Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, hududlar forumi va qator madaniy tadbirlar natijadorligini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi. Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi, oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi, deyiladi manbada.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tgani xabar qilingandi.
BMT konferensiyasida xorijiy davlatlar va hukumatlari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, qator masalalarni muhokama qildi.
Anjumanda so‘zlagan nutqida prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda transport-logistika tarmoqlarini rivojlantirish masalasiga to‘xtaldi.
Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, transport xarajatlarining kattaligi va tranzit tizimining beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning ikki foizigacha yo‘qotmoqda. Logistika xarajatlari mahsulotlar umumiy narxida 60 foizgacha yetmoqda. Bu raqam jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan bir necha barobar yuqoridir. Shu bois, ishonchli yangi tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda.
Prezident nutqida O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston temiryo‘lini qurishni tezlashtirish, uni qurilayotgan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘l magistrali bilan bog‘lash muhimligi haqida ham so‘z borgan. Bu mintaqada yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyat yaratishi taʼkidlangan. Shuningdek, O‘rta yo‘lakni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilishi aytilgan.
Izoh (0)