Bugun, 5-avgust kuni soat 18:44 da Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila taʼsiri O‘zbekistonning qator hududlarida sezildi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring respublika markazi xabar tarqatdi.

Maʼlum qilinishicha, Qirg‘izistonda 6 ballik zilzila sodir bo‘lgan. Uning O‘zbekiston hududida sezilish kuchi turlicha kechgan. Masalan, Andijon viloyatida 4 ball, Namangan viloyatida 3 ball, Farg‘ona viloyatida 3 ball zilzila bo‘lgan. Toshkent shahri va viloyatida ham 2 ballik yer silkinishi kuzatilgan. Zilzila episentri Toshkentdan 292 kilometr shimoli-sharqda, Qirg‘izistonning Jalolobod hududiga to‘g‘ri kelgan.
Tahlil qilinishicha, zilzila magnitudasi 5,2 bo‘lgan. Bu nisbatan kuchli, oson seziladigan va kichik shikastlar yetkazishi mumkin bo‘lgan kuchlanishdir.
Qirg‘izistonda bo‘ladigan zilzilalar odatiy holga aylangan. Bundan aval ham bir necha bor qo‘shni davlatda sodir bo‘lgan yer qimirlashlari O‘zbekiston hududlariga kichik kuchlanishlarda sezilib turgan.
Avvalroq 9-iyul kuni O‘zbekistonda 4 ballik zilzila sodir bo‘lgani xabar qilingandi. O‘shanda zilzila epitsentri Toshkentdan 422 km janubi-g‘arbda bo‘lgan. Epitsentrda sezilish kuchi 4 ballni tashkil etgan.
Izoh (0)