Rossiyada 3,4 million aholi yashaydigan 129 ta kichik shahar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turibdi. Bu haqda Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalarida ma’lum qilindi.

Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida mazkur shaharlarda aholi soni 314 ming kishiga kamaygan. Aholi sonining qisqarishidan tashqari, bu aholi punktlarining yo‘qolishiga, bandlikning pasayishi hamda kichik va o‘rta biznes vakillari sonining kamayishi ham sabab bo‘lmoqda.
Aholi soni eng ko‘p qisqargan joylar mamlakat shimolida joylashgan ko‘mir, metallurgiya va o‘rmon sanoati shaharlari, shuningdek, iqtisodiy inqirozga uchragan hududlarning chekka shaharlari hisoblanadi.
Xavf ostidagi shaharlar qatoriga Yuqori Tagil (Sverdlovsk viloyati), Trubchevsk (Bryansk viloyati), Inta (Komi), Kem va Medvejegorsk (Kareliya), Torjok (Tver viloyati) kiradi.
Akademiyaning rivojlanish iqtisodiyoti tadqiqotlari laboratoriyasi mudiri Stepan Zemtsovga ko‘ra, kichik shaharlarning “qisqarish” jarayoni bir necha avlod umri davomida kechishi mumkin. Shimoliy hududlarda bu jarayon tezroq, Qora tuproq hududida esa sekinroq boradi.
“Yangi iqtisodiy rag‘batlar paydo bo‘lsa — masalan, logistika oqimlarini qayta taqsimlash, sanoat yoki agrosanoat klasterlarini yaratish, turizm sohasidagi investitsiya loyihalari, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarishni qayta tiklash — kichik shahar yo‘qotgan vazifalarini qaytarib olishi mumkin”, deydi u.
Ma’lumot uchun, Rossiyada aholisi 50 ming kishigacha bo‘lgan shaharlar kichik shaharlar hisoblanadi. 2020-yilgi ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, mamlakatda bunday shaharlar soni 801 tani tashkil etadi.
Izoh (0)