Buyuk Britaniya Milliy xavfsizlik xizmatining (MI-5) sobiq rahbari Stella Rimington 90 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Britaniyaning Sky News telekanali xabar bermoqda.

Rimington 1992-yildan 1996-yilgacha kontrrazvedka uchun mas’ul bo‘lgan MI-5 ga rahbarlik qilgan. U MI-5 boshlig‘i lavozimini egallagan birinchi ayol va nomi rasman oshkor etilgan birinchi xizmat rahbari bo‘lgan.
Stella Rimington 1935-yilda Londonda tug‘ilgan. U o‘z faoliyatini Hindistondagi MI-5 da boshlagan, u yerga diplomatik lavozimga tayinlangan eri bilan birga ko‘chib borgan. Dastlab, Rimington yarim stavkada kotiba-mashinist bo‘lib ishlagan, 1969-yilda er-xotin Buyuk Britaniyaga qaytgach esa, MI-5 ning to‘laqonli xodimiga aylangan.
1991-yilda Rimington MI-5 bosh direktori o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgan, bir yil o‘tib, 1992-yilda esa bosh direktor etib tayinlangan. U bu lavozimni egallagan birinchi ayol hisoblanadi.
“Men birinchi ayol bosh direktor bo‘lganimdan va xizmatim davrida MI-5 o‘zgarib, eski uslubdagi yopiq tashkilot bo‘lishdan chiqib ketganidan faxrlanaman”, deb aytgan edi Rimington 2011-yilgi intervyusida.
1996-yilda iste’foga chiqqanidan so‘ng, Rimington Open Secret nomli xotiralari va razvedkachi Liz Karlayl haqidagi sakkizta josuslik romanlarini nashr etdi. Ular 2004-yildan 2014-yilgacha chop etilgan. Sky News xabariga ko‘ra, Jeyms Bond haqidagi filmlar turkumidagi “M” personaji Stella Rimington obrazi asosida yaratilgan.
Izoh (0)