Qozog‘iston turizm va sport vaziri Yermek Marjikpayev Vazirlar mahkamasi yig‘ilishida chet ellik sayyohlarni mamlakatga qanday jalb qilish haqida gapirdi. Bu haqda Nur.kz xabar berdi.
Turizm vazirligi rahbari sayyohlarning shikoyatlari asosan viza va migratsiya rejimi masalalari bilan bog‘liqligini aytdi. Marjikpayev viza olish tartib-qoidalarini raqamlashtirish va soddalashtirish orqali yechim topish mumkinligini taʼkidladi.
“Manfaatdor davlat idoralari bilan birgalikda xorijiy fuqarolar uchun Neo Nomad Visa’ni joriy etish, ularga mamlakatda uzoq muddatga qolish huquqini berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu chorani amalga oshirishdan kutilayotgan iqtisodiy samara yiliga 3 milliard tengedan ortiqni (salkam 6,8 million dollar) tashkil qiladi. Hozirda Neo Nomad Visa’ni joriy qilish mexanizmi ishlab chiqilib, manfaatdor davlat organlariga yuborildi”, — dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyi oxirida Qozog‘iston pasporti Markaziy Osiyoda eng kuchlilaridan biri ekani ma’lum bo‘ldi: dunyo davlatlari pasportlarining kuchliligi reytingida u 54-o‘rinda turgan. O‘zbekiston va Qirg‘iziston Gambiya, Uganda va Hindiston bilan birga 73-o‘rinni egallagan. Turkmaniston esa Mali bilan birgalikda 77-o‘rinni qayd etgandi.
Izoh (0)