Yevropa Ittifoqi kengashi fermerlarning noroziliklari ortidan Yagona qishloq xo‘jaligi siyosatini isloh qilishni ma’qulladi. Bu haqda kengash bayonotida aytiladi.
“Yevropa Ittifoqi kengashi umumiy qishloq xo‘jaligi siyosatini qisman maqsadli ko‘rib chiqishni rasman tasdiqladi. Ushbu ko‘rib chiqish fermerlar tomonidan so‘nggi oylarda bildirilgan xavotirlarga javobdir”, — deyiladi xabarda. Hujjatni isloh qilish zarurati Ukrainadagi harbiy mojaro oqibatlari va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Islohotlar Yevropa fermerlarining hayotini osonlashtirishi kutilmoqda.
“Yangilangan qoidalar tartib-taomillarni soddalashtiradi, maʼmuriy yukni kamaytiradi, atrof-muhitni muhofaza qilishning muayyan standartlariga rioya qilishni yumshatadi va fermerlar uchun oldindan taxmin qilinadigan shart-sharoitlarni kafolatlaydi”, — deyiladi hujjatda.
Yil boshidan beri Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlarida fermerlar tomonidan qishloq xo‘jaligi siyosatiga o‘zgartirishlar kiritish, xususan, ko‘plab cheklovlarni olib tashlash va nazoratsiz arzon import, jumladan, Ukraina importini to‘xtatish talabi bilan ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.
Eng katta norozilik namoyishlari Ukraina bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktini to‘sib qo‘ygan polshalik fermerlar tomonidan o‘tkazildi. Fermerlar kasaba uyushmalarining ma’lum qilishicha, amaldagi qishloq xo‘jaligi siyosati tufayli fermerlar deyarli foyda olmay qo‘yishgan.
Izoh (0)