O‘zbekistonda uy-joy, ko‘chmas mulk va avtomobil savdosini faqat naqd pulsiz hisob-kitob qilish taklif etilmoqda. “Gazeta.uz”ning ma ’lum qilishicha, bu yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash choralari bo‘yicha prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjat hali jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagan bo‘lib, vazirlik va idoralar orqali tasdiqdan o‘tmoqda.
Loyihaga ko‘ra, 2024-yil 1-maydan boshlab ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotishni faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirish taklif etilmoqda. Ushbu operatsiyalar bo‘yicha komissiyalarni bekor qilish rejalashtirilgan.
Bunda jismoniy shaxslar bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari bank ma’lumotlari asosida, yuridik shaxslar bilan tuzilganlari esa naqd pulsiz to‘lovni tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lsa, elektron hisobvaraq-fakturalar orqali notarial tasdiqlanishi kerak bo‘ladi.
Tovar va xizmatlar narxi 3 ming dollardan oshsa, to‘lovlarni faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, byudjet tashkilotlari xodimlari, jumladan, OTMlar va yirik soliq to‘lovchilar, harbiy xizmatchilarning 100 foiz ish haqini bank kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan berish taklif qilinmoqda.
Hujjatga ko‘ra, faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali amalga oshiriladigan xizmatlar katalogi tasdiqlanadi. U davlat xizmatlari, kommunal xizmatlar, to‘lov kontraktlari va boshqalarni o‘z oladi.
Ulgurji savdoni ham to‘liq naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Izoh (0)