Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda “G.K.” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar tijorat banki filialidan ajratilgan 18 milliard so‘m kredit evaziga “M.R.” MCHJga 30 dona Howo rusumli maxsus texnikalarni yetkazib bermasdan, kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Shu kabi, departamentning Qo‘ng‘irot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.V.” MCHJ masʼul shaxslari tijorat banki filialidan ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga xarid qilingan 85 bosh naslli qoramolni sotib yuborib, 2,5 milliard so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani, shuningdek, 787,4 million so‘m soliqni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagani fosh etilgan.
Bundan tashqari, bankning amaliyot bo‘limi masʼul shaxslari kredit taʼminoti sifatida garovga qo‘yilgan 3,5 milliard so‘mlik ko‘chmas mulklarni asossiz garovdan chiqarib yuborganligi maʼlum bo‘lgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda xususiy bog‘cha qurish uchun ajratilgan 356 mln so‘m kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Toshkent viloyatida fermer xo‘jaligi 3,1 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini o‘zlashtirgani ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)