Xorazm viloyatida katta miqdorda gazdan noqonuniy ravishda foydalangan fermer xo‘jaligi aniqlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura.
Qayd etilishicha, Urganch tumanidagi “M” fermer xo‘jaligi rahbari A.E. fermer xo‘jaligiga qarashli parrandachilik fermasida tijorat maqsadlarida tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan.
Oqibatda 3,3 milliard so‘mlik 2 million 49 ming metr kub gazni yashirin ravishda ishlatgan.
Holat yuzasidan A.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda katta miqdorda o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Aprel boshlarida Surxondaryo viloyatining Denov, Qashqadaryo viloyatining Muborak hamda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilgandi. Shuningdek, Andijonda 1,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan ishlab chiqarish sexi aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgan edi.
Izoh (0)