Jizzax va Andijon viloyatlarida kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan MCHJ rahbarlari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning G‘allaorol tuman bo‘lim tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda “S.E.” MCHJ rahbari Z.E. va boshqalar ushbu MCHJ va yakka tartibdagi tadbirkorlar D.N. hamda R.E.ga ajratilgan jami 1,8 milliard so‘m kredit mablag‘lari evaziga xarid qilingan avtomobil ehtiyot qismlari sotuvidan tushgan pullarni kredit qarzdorligini so‘ndirishga yo‘naltirmasdan, kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Shu kabi, departamentning Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘lim tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “O.V.” MCHJ rahbari U.M. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, MCHJga tijorat banki filialidan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga “A.I.” MCHJdan shartnomada ko‘rsatilgan avtomaktab tashkil qilish uchun jihozlarni olib kelingani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirib, 650 million so‘m kredit mablag‘larini o‘zlashtirib olgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda xususiy bog‘cha qurish uchun ajratilgan 356 mln so‘m kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Toshkent viloyatida fermer xo‘jaligi 3,1 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini o‘zlashtirgani ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)