Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Qatar bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qatar delegatsiyasi Markaziy Osiyo—Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi muloqoti mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatda bo‘lib turibdi. Bosh vazir Muhammad Ol Soniy O‘zbekiston yetakchisiga Qatar amiri Tamim ibn Hamad Ol Soniyning salomi va tilaklarini yetkazdi.
Ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Davlat rahbari siyosiy muloqot jadal tus olgani, o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi faol oshayotganini qayd etdi.
Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilmoqda. Oktyabr oyida O‘zbekistonda Qatar madaniyati haftaligi bo‘lib o‘tadi. Qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini tezroq yaratish muhimligi qayd etildi.
Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan, Yaqin Sharqdagi vaziyatning jiddiy keskinlashayotgani yuzasidan ham fikr almashildi.
Izoh (0)