Jizzax viloyatida o‘quvchisiga bir necha bor tarsaki tushirgan o‘qituvchi ishdan olindi. Bu haqda bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, bolalar ombudsmaniga Jizzax viloyati Zomin tumanida yashovchi D.M.dan murojaat kelib tushdi. Murojaatda D.M. voyaga yetmagan farzandi O.T. (7-sinf o‘quvchisi, o‘g‘il bola) 2023-yilning 26-dekabr kuni o‘qituvchisi S.M. bolaning yuz qismiga bir necha bor tarsaki urib, uni turli nomaqbul so‘zlar bilan haqorat qilganini bildirgan.
Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri mazkur holatni atroflicha o‘rgandi. Jizzax viloyati Zomin tumani MMT bo‘limining tegishli mutaxassislari tomonidan holat o‘rganilib, mazkur umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining buyrug‘iga asosan S.M. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Shuningdek, joriy yilning 23-yanvardagi jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudida o‘qituvchining harakatlariga huquqiy baho berilib, S.M.ga nisbatan MJTKning 41-moddasi (haqorat qilish) va 52-moddasini (yengil tan jarohati yetkazish) sodir etgan deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima jazosi belgilandi.
Izoh (0)