O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Farrux Tursunov Madrid shahrida Ispaniya qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilingan.
Qirol Filipp VI O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholab, prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, ochiq tashqi siyosatni amalga oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlash borasida salmoqli yutuqlarga erishilganini taʼkidlagan.
O‘zbekiston prezidentining siyosiy tashabbuslari, o‘z mamlakati farovonligi, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi jarayonlar, ayniqsa, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qo‘shayotgan hissasi alohida qayd etilgan.
Ispaniya qiroli, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni barcha jabhalarda mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirgan.
Uchrashuv yakunida qirol Filipp VI O‘zbekiston elchisiga ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi masʼuliyatli ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Izoh (0)