Isroil prezidenti Isaak Gersog 2-aprel kuni World Central Kitchen (WCK) xayriya tashkiloti asoschisi Xose Andresga qo‘ng‘iroq qilib, Isroil armiyasining qasddan bo‘lmagan hujumi natijasida WCK yetti nafar xodimining fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi, deya Deutsche Welle xabar berdi.
Andres bilan telefon orqali suhbatda Gersog o‘zining chuqur qayg‘usini aytib, fojiali yo‘qotish uchun chin dildan kechirim so‘radi, — dedi Isroil prezidenti idorasi matbuot xizmati.
Isaak Gersog voqea atroflicha o‘rganilishiga va’da bergan. X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotda Isroil rahbari Andresga xayriya tashkiloti isroilliklar va falastinliklarga ko‘rsatgan yordami uchun ham minnatdorchilik bildirgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘z videomurojaatida isroillik harbiylarning G‘azoda begunoh odamlarga “beixtiyor” zarba berganini “fojiali voqea” deb atagan.
Urush paytida bunday hodisalar sodir bo‘ladi. Biz buni diqqat bilan o‘rganmoqdamiz, halok bo‘lgan xorijliklar hukumatlari bilan aloqadamiz va bu holat yana takrorlanmasligi uchun harakat qilamiz, — dedi Netanyaxu.
WCK maʼlumotlariga ko‘ra, Isroil armiyasi WCK avtomobil kolonnasiga zarba berganida tashkilotning yetti nafar aʼzosi halok bo‘lgan. Avtomobillar dengiz orqali G‘azoga olib kelingan 100 tonnalik insonparvarlik yordamini yetkazgandan so‘ng jo‘nab ketayotgan bo‘lgan.
Qurbonlar orasida Avstraliya, Polsha va Buyuk Britaniya fuqarolari, shuningdek, AQSH va Kanada fuqaroligiga ega bo‘lgan bir erkak va bir falastinlik bo‘lgan.
World Central Kitchen xayriya tashkiloti AQSHda ispaniyalik mashhur oshpaz Xose Anders tomonidan 2010-yilda Gaitidagi vayronkor zilziladan keyin tashkil etilgan edi. O‘shandan beri tashkilot butun dunyo bo‘ylab ofat hududlaridagi odamlarni oziq-ovqat bilan ta’minlab kelmoqda.
Izoh (0)