AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden hamda sobiq prezident Donald Tramp 2-aprel kuni AQSHning yana to‘rt shtatida Demokratlar va Respublikachilar partiyasidan nomzodlikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Accosiated Press xabar berdi.
Bayden va Tramp Rod Aylend, Konnektikut, Nyu York va Viskonsin shtatlarida o‘tkazilgan praymerizlarda osonlik bilan g‘alaba qozonib, shu yozda partiya qurultoylarida ko‘proq delegatlarni qo‘lga kiritdi.
Hozirda Bayden 92,2 foiz (qayta ishlangan ovozlarning 19 foizi) va Tramp 79,1 foiz (qayta ishlangan byulletenlarning 10 foizi) bilan yetakchilik qilmoqda.
Bungacha Tramp Oliy sudga maktub yozib, unda 2020-yilgi prezidentlik saylovi natijalarini bekor qilishga urinish ayblovlaridan mutlaq immunitetga ega bo‘lishini talab qilgan edi. Trampning raqibi Nikki Heyli Respublikachilar partiyasidan nomzodlik uchun kurashdan chiqib ketganidan keyin Tramp va Bayden e’tiborini umumiy saylovga qaratgan. O‘tgan oy Bayden Ittifoq holati bo‘yicha nutq so‘zlaganidan so‘ng saylovoldi shtab-kvartiralariga tashrif buyurgan.
Rasmiy ravishda AQSH prezidentligiga nomzodlar yozda har ikki partiyaning qurultoylarida e’lon qilinadi. Prezidentlik saylovlarining o‘zi esa 5-noyabrda o‘tkazilishi belgilangan.
Izoh (0)