Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning beshta viloyatiga dronlar uchirdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Belgorod, Bryansk, Voronej, Leningrad va Kursk viloyati gubernatorlari havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukraina dronlarini urib tushirganini ma’lum qilgan. Lipetsk viloyati rahbari ham dron hujumlari xavfi haqida ogohlantirgan.
Ukrainadan dronlar yaqinlashmoqda. Barcha kuch va vositalar maksimal shay holatga keltirilgan, — degan Lipetsk viloyati gubernator Igor Artamonov.
Dron qulashi natijasida qurbonlar va jiddiy vayronagarchiliklar haqida ma’lumotlar yo‘q.
Biroq Belgorod viloyatida Shebekino shahrini o‘qqa tutish chog‘ida sanoat korxonasining bir xodimi yaralandi, — deydi viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov.
Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko KINEF neftni qayta ishlash zavodiga yaqinlashayotganda samolyot tipidagi dron urib tushirilganini ma’lum qildi.
Ishlab chiqarish odatdagidek faoliyat olib bormoqda. Qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q. Hodisa joyidagi oqibatlar aniqlanib, bartaraf etildi, — deydi u.
Ryazandagi neftni qayta ishlash zavodiga ham dron hujum qilgan, viloyat gubernatori Pavel Malkov hujumni tasdiqlagan. Hujum natijasida yong‘in boshlangan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, jarohatlanganlar bor. Jumladan, ikki kishi o‘rtacha og‘irlikdagi jarohat bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 12-mart kuni ham Rossiyaga dronlar hujum qilganda neft bazalari nishonga olingan. Bundan tashqari Ukraina tomonda jang qilayotgan “Rossiyaga ozodlik” legioni va “Sibir batalyoni” Rossiya chegarasini kesib o‘tib, rus armiyasi bilan to‘qnashganini ma’lum qilgan. Holat yuzasidan Rossiya Mudofaa vazirligi bayonot berib, ularning hujumi qaytarilganini ta’kidlagan.
Shu kuni Rossiyada Il-76 harbiy samolyoti dvigatelda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida qulab tushgan. Bortda 15 kishi bo‘lgan, ekipaj a’zolari halok bo‘lgan.
Izoh (0)