Dunyoda har kuni 2,2 mingdan ortiq kiberhujum sodir bo‘ladi va ularning soni har yili 80 foizga oshadi.
Bu haqda BMT ixtisoslashgan agentligi – Xalqaro elektraloqa ittifoqi (XEI) bosh kotibi Dorin Bogdan-Martin Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
“Har kuni 2200 dan ortiq kiberhujum sodir bo‘ladigan dunyoda biz o‘zimizni xavfsiz his qilolmaymiz”, — dedi u.
Bogdan-Martin bu “o‘sib borayotgan muammo” ekanligini va XEI bu muammoga duch kelayotgan mamlakatlarga ko‘makni oshirayotganini ta’kidlab, “Bu raqam yildan-yilga 80 foizga o‘sib bormoqda”, — deya qo‘shimcha qildi.
Tashkilot axborot va kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida “ularga siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda yordam berish” uchun mamlakatlar bilan bevosita hamkorlik qiladi. Hozir 100 dan ortiq davlatlar shunday strategiyaga ega, deya xulosa qildi XEI bosh kotibi.
Xalqaro elektraloqa ittifoqi BMTning AKT sohasidagi ixtisoslashgan agentligi bo‘lib, qarorgohi Jenevada joylashgan. 1865-yilda tashkil etilgan XEI global radio spektri va sunʼiy yo‘ldosh orbitalarini boshqaradi, tarmoqning o‘zaro ishlashi uchun texnik standartlarni ishlab chiqadi va butun dunyo bo‘ylab AKTdan foydalanishni targ‘ib qiladi.
Ittifoqqa 193 ta davlat, shuningdek, 900 ga yaqin kompaniya, universitetlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar aʼzodir.
Izoh (0)