Andijonda bemorlarga ko‘rsatilgan xizmatni baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Aytilishicha, Andijonga har yili 10 ming xorijiy sayyoh arzon va sifatli tibbiy yordam olish uchun keladi. Shu munosabat bilan kardio-, endo- va mikroxirurgiya yo‘nalishida tibbiy xizmat eksportini 2 barobar oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga yil yakunigacha 126 turdagi tibbiy uskuna bilan jihozlash uchun 7 million dollar jalb qilish topshirildi.
Viloyatda davolash va diagnostika xizmatlari oqilona joylashmagani ko‘rsatib o‘tildi. Birgina Andijon shahrida 1,5 kilometr radiusda 8 ta shifoxona joylashgan. Ularni klaster usulida birlashtirib, aholiga yanada qulay va sifatli tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etilib, Tibbiyot instituti klinikasi negizida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil qilish masalasini o‘rganish topshirildi.
Ayrim tibbiyot muassasalarida shifokorlarning ish vaqti noto‘g‘ri tashkil qilingani sabab bemorlar uzoq vaqt navbat kutishga, vrach qabuliga kirish uchun 2-3 marta kelishga majbur bo‘lmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligiga Asaka tumanida shifokor va hamshiralar ishini to‘g‘ri tashkil etish namunasini yaratish va barcha tumanlarda joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, bemorlarga ko‘rsatilgan xizmatni muassasani o‘zida, telefon yoki onlayn so‘rovnoma o‘tkazish orqali baholash tizimini tashkillashtirish vazifasi qo‘yildi.
Izoh (0)