Yevropa Ittifoqining diplomatiya bo‘yicha rahbari Josep Borrelning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Isroil hukumatining Rafahda amalga oshirishi mumkin bo‘lgan quruqlikdagi operatsiya rejalaridan juda xavotirda.
“Yevropa Ittifoqi Isroilning xalqaro huquq va xalqaro gumanitar qonunlarga muvofiq o‘zini himoya qilish huquqini tan oladi. Yevropa Ittifoqi Isroil hukumatidan Rafahda harbiy harakatlarni amalga oshirmaslikni so‘raydi, bu esa allaqachon halokatli ahvolda bo‘lgan gumanitar vaziyatni yomonlashtiradi va zarur xizmatlarni, insonparvarlik yordamlarini shoshilinch ravishda taqdim etishga to‘sqinlik qiladi”, — dedi Borrel.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Rafahda “bir milliondan ortiq falastinliklar boshpana topgan”.
YI xalqaro gumanitar huquqqa muvofiq barcha tinch aholi himoyasini doimiy ravishda taʼminlash muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi va HAMASga barcha garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqiruvini takrorlaydi, deyiladi Borrel murojaatida.
19-fevral kuni YI Tashqi ishlar kengashi Bryusseldagi yig‘ilishida G‘azo sektoridagi vaziyatni ko‘rib chiqadi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu qo‘shinlarni Rafahga jo‘natmaslik haqidagi chaqiriqlarni rad etib, bunday qaror mag‘lubiyatga teng bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga, bosh vazir Isroil tinch aholini Rafahdan evakuatsiya qilish uchun xavfsiz o‘tish yo‘lagini ta’minlashini ta’kidladi.
G‘arb davlatlari, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt va Iordaniya Isroilning Rafahga hujum uyushtirish rejasini tanqid qildi.
Izoh (0)