1,5 mingdan ziyod bog‘chada davlat byudjetidan noqonuniy pul mablag‘larini o‘zlashtirish harakatlari aniqlangan. Bu haqda Maktabgacha taʼlim agentligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayevaga tayanib O‘zA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 2023-yil 27-dekabr holatiga 734 ta davlat xususiy sherikchiligi asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan bir bolaning maʼlumotlari Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimiga kiritilib, uning fotosurati o‘rniga boshqa bolaning fotosurati asosida davomati belgilanib kelgan. Natijada ularga nisbatan 8,8 mlrd so‘m subsidiya to‘lovlari uch oyga to‘xtatildi.
Shuningdek, 895 ta DXSH asosida, jumladan, oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan vositachilar yordamida kompyuterlarda virtual mobil qurilmani yaratish orqali haqiqatda MTTga kelmagan tarbiyalanuvchi va xodimlarning davomati soxtalashtirilib NMTTBATga yuborilgan. Ularga ogohlantirish xatlari berildi hamda 8,9 mlrd so‘m asoslanmagan subsidiya to‘lovlarining moliyalashtirilishi oldi olindi.
Maʼlumotlar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Izoh (0)