Britaniyada harbiylar sinov davomida birinchi marta DragonFire uzoq masofali lazer yo‘naltirilgan energetik qurol tizimidan foydalangan holda havo nishonlarini urishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar bermoqda mamlakat Mudofaa vazirligi.
Sinovlar Shotlandiyadagi Hebrid poligonida bo‘lib o‘tdi. DragonFire lazerining diapazoni maxfiylashtirilgan, deyiladi Britaniya hukumati bayonotida. Qo‘shimcha qilinishicha, qurol “har qanday ko‘rinishga ega nishonni” aniq mo‘ljalga olishga qodir. The Times nashrining yozishicha, sinov davomida DragonFire bir necha kilometr masofadan yaqinlashib kelayotgan dronlarni yo‘q qilgan.
Britaniya Mudofaa vazirligi yangi qurol kelajakda “muayyan vazifalarni” bajarish uchun raketalarga arzon muqobil variant bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
“Energiya qurollari nishonlarga yorug‘lik tezligida tegadi va ularni nur yordamida yo‘q qiladi”, — deb izohlangan majmuaning ishlash tamoyili.
Bir lazer zarbasi 10 funt sterling turadi, deya ma’lum qildi idora. Uning aniqligi bir kilometr masofadan tangani xatosiz urish bilan teng.
“Muvaffaqiyatli sinovlar tegishli masofalarda havo nishonlarini mo‘ljalga olish qobiliyatini namoyish etdi va bu ushbu texnologiyani joriy etish yo‘lidagi muhim qadamdir”, — deya ma’lum qildi Mudofaa vazirligi.
Idora bayonotida aytilishicha, Britaniya armiyasi va dengiz floti ushbu quroldan havo mudofaasi uchun foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Izoh (0)