Parij zarbxonasida Yevropa Ittifoqi tomonidan dizayni ma’qullanmagan 27 millionta tanga yo‘q qilindi va qayta bosildi, deb yozmoqda Politico.
Zarbxona yangi dizayndagi 10, 20 va 50 sentlik tangalarni 2023-yil noyabr oyida Yevropa Ittifoqining dizayn talablarini tekshirmasdan chiqargan. Keyinroq Yevropa komissiyasi tangalarda Yevropa Ittifoqi bayrog‘idagi yulduzlar noto‘g‘ri tasvirlanganini ma’lum qildi.
Dekabr oyi o‘rtalarida Fransiya tangalarning yangilangan versiyasini taqdim etdi va Yevropa komissiyasi uni tasdiqladi. Dizayni oshkor etilmagan yangi tangalar 2024-yilning bahorida namoyish etiladi.
Fransiya Iqtisodiyot vazirligi zarbxona tangalarni qayta bosish xarajatlarini o‘z zimmasiga olishini aytdi, chunki u avtonom jamoat kompaniyasi bo‘lib, Fransiya ma’muriyatiga kirmaydi. Vazirlik taʼkidlashicha, bu borada mamlakat budjetidan hech qanday xarajatlar bo‘lmaydi.
Avvalroq Fransiya zarbxonasi rahbari Mark Shvarts tangalarni zarb qilish uchun “Fransiya davlati” mas’ul ekanini ma’lum qilgandi, deb yozadi La Lettre. Nashrning yozishicha, bunga muassasa budjetidan 1,2 million yevrogacha mablag‘ sarflanishi kerak.
Yevropa Ittifoqi qonunlariga ko‘ra, a’zo davlatlar o‘z milliy yevro tangalarini har 15 yilda bir marta o‘zgartirishi mumkin, ammo ular Yevropa komissiyasi va boshqa Yevrozona hukumatlarining roziligini olishi kerak. Ular xabardor qilinishi va munosabat bildirishi uchun yetti kun vaqt berilishi zarur. Politico ma’lumotlariga ko‘ra, fransuz zarbxonasi noyabr oyida YI bilan norasmiy tarzda bog‘lanib, tangalarni zarb qilgan va shundan keyingina dizaynni tasdiqlashni rasman so‘ragan.
Izoh (0)