Qozog‘iston hukumati “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga qaror qildi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov Kazinform agentligi muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.
Nega bunday qarorga kelindi?
— Qozog‘iston respublikada taqiqlangan terroristik tashkilotlarning milliy ro‘yxatini yangilash maqsadida muntazam ravishda audit o‘tkazadi. Ushbu jarayon doirasida BMT amaliyotiga muvofiq “Tolibon”ni undan chiqarib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. BMT Xavfsizlik kengashining majburiy rezolyutsiyalaridan ma’lumki, “Tolibon” harakati BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan terrorchi deb tan olingan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilmagan.
Qozog‘iston va “Tolibon” o‘rtasidagi diplomatik aloqalar qanday rivojlanmoqda?
— Siyosiy aloqalarga kelsak, Qozog‘iston BMT Bosh assambleyasi va Xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilingan qaror va rezolyutsiyalarga bundan keyin ham qatʼiy rioya qilishini taʼkidlamoqchiman.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” turli davlatlar, jumladan, Qozog‘iston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishga, jahon hamjamiyati oldida o‘zini ko‘rsatishga urinmoqda. Harakat eng yaqin qo‘shnilari bilan faol savdo aloqalarini o‘rnatmoqda.
Izoh (0)