Bugun, 8-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlashga oid yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalardan biri davlat OTMlari uchun ball tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida bo‘ldi.

Maʼlum qilinishicha, endilikda rektorlar vakolatini kengaytirish va masʼuliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi. Bunda oliygohni davlat byudjetidan moliyalashtirish OTM to‘plagan ballariga bog‘liq bo‘ladi.
“Oliygohlarga bitiruvchilar bandligiga qarab — 40 ball, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab — 30 ball, ilmiy salohiyati, tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun — 20 ball; tadqiqotlar uchun jalb qilgan mahalliy va xorijiy grant uchun 10 ballgacha beriladi”, deyiladi manbada.
Misol uchun, Qarshi texnika universiteti jami ballarning 85 foizini to‘plasa, bu yilgi byudjetdan berilayotgan 78 milliard so‘mga qo‘shimcha 20 foizlik bonus beriladi. Agar 56 foizdan kam to‘plasa, keyingi o‘quv yiliga moliyalashtirish qisqaradi.
Yig‘ilishda Milliy universitet, Irrigatsiya kabi ilmiy oliygohlar, Madaniyat va sanʼat, Konservatoriya kabi ijtimoiy oliygohlarni texnika yo‘nalishidagi amaliy oliygohlar bilan tenglashtirib bo‘lmasligi aytilgan. Shu sabab mutasaddilarga reyting mezonlarini ishlab chiqishda buni ham hisobga olish topshirilgan.

Muloqotda 40 ta oliygohga moliyaviy mustaqillik berilgani bugun o‘z samarasini bergani taʼkidlangan. Masalan, iqtisodiyot, yuridik, tibbiyot, tillar va pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarning yetarli mablag‘i borligi bildirilgan. Lekin eng dolzarb bo‘lib turgan qishloq xo‘jaligi, veterinariya, muhandislik, aniq va tabiiy fanlar (STEM) yo‘nalishidagi ayrim oliygohlar daromad topishga o‘rganmayotgani, yoshlar uchun jozibador emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Prezident “tarmoq—korxona—oliygoh” zanjirini yo‘lga qo‘yishni jadallashtirish zarurligi qayd etgan. Bu borada 25 ta muhandislik oliygohi hamkor korxonalarda 438 ta kafedra ochgan. Misol uchun, neft-gaz tarmog‘i taʼlim—ishlab chiqarish klasterlarini tashkil qilgan. Buxoro texnika universiteti esa neft-gazdan tashqari yana 10 ta korxonada 20 ta kafedra filiali faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Buxoro viloyatida yaqin yillarda yirik gaz-kimyo majmuasi ishga tushishi kutilmoqda. Xorijiy kompaniyalar tomonidan Ustyurtdagi yangi loyihalar bo‘yicha ishlar boshlangan.
Prezident bu quvvatlarga mutaxassislar qayerda tayyorlanadi, ilmiy izlanishlar kim tomonidan olib boriladi, degan savollarga hozirdan javob topish kerakligini taʼkidlagan.
Izoh (0)