Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emasligini aytib, ishga joylashishni hisob-kitob qilishdagi kamchiliklarni tanqid qildi.

Prezident oxirgi 7 yilda oliy ta’limda qabul 4,5 barobar oshib, qamrov 42 foizga yetgan bo‘lsa-da, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emasligi qayd etdi. Davlat rahbari bunga BYD zavodini misol qilib keltirdi.
Qay etilishicha, yiliga 20 ming avtomobil chiqarayotgan ushbu zavodda 100 ta bo‘sh ish o‘rni bor. Shuning to‘rtdan biri — robototexnika va bo‘yoqlash, robotlarni dasturlash muhandislari. Zavodda kadr yetishmayotgani uchun xorijdan 80 nafar mutaxassis kelib ishlamoqda. Zavod 4-5 yilda to‘liq quvvatga o‘tib, yiliga 500 ming avtomobil chiqarishni boshlasa, 4 ming nafar oliy malakali kadrlar kerak bo‘ladi.
“Bu — bitta loyiha bo‘yicha hisob-kitoblar. Yaqin 3-4 yilda ishga tushadigan 83 milliard dollarlik yirik loyihalar hisobiga sanoatni o‘zida 500 mingga yaqin kadr zarur”, dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda oliygohlar tayyorlayotgan kadrlar bilan ish beruvchilarning talabi o‘rtasida farq katta ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, yengil sanoatning o‘zida 4 ming nafar oliy toifali kadrlarga ehtiyoj bor. Bu yo‘nalishda yiliga o‘rtacha 2,5 ming talaba bitirgani bilan, ular korxonalardagi zamonaviy uskunalarda ishlashni bilmagani uchun 42 foizi ishga joylasha olmayapti. Oqibatda tadbirkorlar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘lmoqda.
Davlat rahbari ishga joylashishni hisob-kitob qilishdagi kamchiliklarni tanqid qildi. Bu yilgi 231 ming oliygoh bitiruvchisidan 125 mingi ish topdi, deb hisobot berilayotgani bilan ishli bo‘lganlarning 42 mingi o‘zini o‘zi band qilgani aniqlangan. Prezident har bir talabani oliygohda o‘qitib, mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga 25-30 million so‘m sarflayotganini, lekin to‘rt yil oliygohda o‘qib, diplom olgan yoshlarning yarmidan ko‘pi kam malaka talab etadigan ishlarda bandligini aytdi.
Izoh (0)