Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimidagi nutqida korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazini ochishni taklif etdi.
“Demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz. Bu mas’uliyatli va murosasiz kurash yo‘lida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi va barcha xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda bor kuchimizni safarbar etishga tayyormiz”, — dedi prezident
Davlat rahbari O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini va ularda faol qatnashishini ta’kidlab o‘tdi. Bu borada o‘tgan oyda Toshkentda ishga tushgan Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasining Mintaqaviy platformasidan keng foydalaniladi.
“Shu bilan birga, nodavlat notijorat tashkilotlarini faol jalb etgan holda, o‘zaro tajriba almashish va muloqotlarni kuchaytirish, ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etishni taklif etaman”, — dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Transparency International indeksida 42 pog‘onaga ko‘tarildi va bu borada mintaqada eng yuqori o‘rinni egallamoqda. 2030-yilga qadar O‘zbekistonning mazkur reytingdagi o‘rnini yana 50 pog‘onaga yaxshilash maqsad qilingan.
Izoh (0)