Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistondagi 700 kilometrlik qishloq yo‘llarini transport aloqasini yaxshilash va qishloq taraqqiyotiga ko‘maklashish maqsadida xavfsizroq va iqlim o‘zgarishiga chidamliroq qilish uchun 240 million dollar miqdorida qarz ajratishni maʼqulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu loyiha 2030-yilgacha bo‘lgan Qishloq yo‘llarini rivojlatirish milliy strategiyaga va 2035-yilgacha bo‘lgan Qishloq yo‘llari strategiyasiga muvofiq bo‘lib, hukumatning Qishloq yo‘llarini rovojlantirish dasturini oldinga siljitish imkonini beradigan muhim tashabbus hisoblanadi. Asosiy eʼtibor 12 viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mahalliy va xo‘jaliklararo qishloq yo‘llariga qaratiladi. Jumladan, qirg‘oq, ko‘prik, suv o‘tkazgich va drenaj tizimlarini kuchaytirish orqali transport qatnovi sig‘imi, sifati, aloqa, xavfsizlik va iqlimga chidamlilikni oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha O‘zbekiston va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida ilg‘or tashabbus bo‘lib, qishloq aholi punktlari va fermerlarga bozorlar, maktablar, sog‘liqni saqlash xizmatlari va tuman markazlariga har qanday ob-havo sharoitida borish imkonini beradi.
Bozorlarga kirish imkoniyatini oshirish va iqtisodiy imkoniyatlarning yaxshilanishidan foyda olish uchun loyiha qishloq ayollariga barqaror qishloq xo‘jaligi va iqlim o‘zgarishiga chidamli amaliyotlarni o‘rgatish orqali ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Tadbirkorlik va tirikchilik ko‘nikmalarini o‘rgatish maqsadida aholi punktlarini rivojlantirish muassasalari modernizatsiya qilinadi va gender zo‘ravonlik, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.
O‘zbekiston OTBga 1995-yilda aʼzo bo‘lgan. O‘shandan buyon bank mamlakatga 10,8 milliard dollar miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.
Sentyabr oxirlarida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonning 2023 va 2024-yil uchun iqtisodiy o‘sishi prognozini yaxshilagandi. Undan avvalroq esa OTB O‘zbekiston energiya taqsimlash tizimini raqamlashtirishga 200 mln dollar qarz ajratishi ma’lum bo‘lgan edi.