Quyuq tuman sababli O‘zbekistondagi ayrim aeroportlar faoliyati cheklandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Irkutsk—Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha reysni amalga oshirayotgan S7 Airlines samolyoti noqulay ob-havo sharoiti tufayli 7-dekabr kuni soat 23:27 da Namangan aeroportidagi muqobil aerodromga qo‘ngan. Samolyotdagi 177 nafar yo‘lovchi Farg‘onaga yerusti transporti orqali yetkazilishi belgilangan.
Biroq 8-dekabr kuni soat 00:10 dan boshlab Namangan aeroportini ham quyuq tuman qoplagani sabab ushbu aeroport ishi ham vaqtincha cheklandi.
Panorama Airways’ning Madina—Namangan yo‘nalishi bo‘yicha uchgan reysi Toshkentdagi muqobil aerodromga qo‘nishga qaror qilgan. Soat 02:33 da bortida 170 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Toshkent aeroportiga qo‘ngan.
Samarqand xalqaro aeroportida ham qalin tuman kuzatilib, samolyotlarni qabul qilish cheklandi. Soat 02:54 da ushbu cheklov olib tashlandi.
Izoh (0)