Xitoyda bolalar o‘rtasida pnevmoniya bilan kasallanish holatlari tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti “tashxis qo‘yilmagan” respirator kasalliklarning ko‘payishi bo‘yicha Pekindan batafsil ma’lumot so‘radi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
13-noyabr kuni Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi vakillari mamlakatda respirator kasalliklar ko‘payganini ma’lum qildi. Xitoy rasmiylari dastlab kasallik holatlarning ko‘payishini COVID-19 cheklovlarining bekor qilinishi, gripp va bakterial infeksiyalarning tarqalishi bilan bog‘ladi.
Ammo hozir vaziyat yomonlashayotganga o‘xshaydi. Global epidemiyani kuzatuvchi Promed tizimi bolalarda “tashxis qo‘yilmagan pnevmoniya” epidemiyasi haqida ogohlantirmoqda.
“Ushbu hisobot aniqlanmagan pnevmoniyaning keng tarqalgan epidemiyasidan dalolat beradi. Bu qachondan boshlangani mutlaqo noma’lum”, deyiladi tashkilot hisobotida.
Pekin va Lyaoning shimoli-sharqida, shuningdek, qirg‘oq bo‘yidagi Syamen shahrida kasalxonalar to‘lib ketgan. Ko‘pgina maktablarda darslar bekor qilindi, chunki nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar ham pnevmoniya bilan kasallangan.
Hukumat sog‘liqni saqlash muassasalari va jamoat joylarida kasalliklar nazoratini, bemorlarni davolash imkoniyatlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Izoh (0)