Isroil birinchi bosh vaziri David Ben-Gurion ismi ko‘pchilikka Tel-Avivdagi aeroport nomi orqali ma’lum. Yahudiylarning o‘z yetakchisi nomini abadiylashtirishga bo‘lgan urinishi tabiiy, chunki ushbu siyosatchi bo‘lmaganida Isroil davlat sifatida mavjud bo‘lmasdi. Uning biografiyasi mamlakat va millatning shakllanish tarixi bilan uzluksiz bog‘liq — Falastinda yahudiy qavmlarining birlashuvi hamda mustaqillik urushiga qadar britanlar boshqaruviga qarshi urushgacha. Quyida Polshaning chekka hududidagi kichik amaldorning o‘g‘li sionizm g‘oyalariga berilib, yahudiylar davlatiga qanday asos solgani haqida ma’lumot beramiz.
1948-yil 14-may kuni Tel-Aviv san’at muzeyidagi kichik zalda o‘nlab odamlar, jumladan, mahalliy va xorijiy OAV muxbirlari to‘planadi. Mehmonlarga taklifnomalar erta tongda topshirilgan bo‘lib, ularga tadbir mavzusini sir saqlash topshirilgandi. Ammo bo‘lajak tadbirga oid ma’lumotlar baribir taklif qilinganlar doirasidan tarqalib va kun yarmida Rotshildlar bulvaridagi bino oldida shaharliklar to‘planishni boshlaydi.
Soat 16:00 lar atrofida muzey oldiga mashina to‘xtaydi va undan past bo‘yli erkak tushib keladi. Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas Ben-Gurion tantanali ravishda Isroil mustaqilligi deklaratsiyasini o‘qib eshittirib, yahudiylar davlatiga asos solinganini e’lon qiladi.
Ertasi kuni gazetalarning birinchi sahifasidan Ben-Gurion tasviri tushirilgan holda, yo‘qolib ketganidan 2000 yil o‘tgach yana qayta mustaqil yahudiylar davlati tashkil etilgani haqidagi xabarlar o‘rin oldi. O‘shandayoq jurnalistlar Ben-Gurionning Isroilni dunyo xaritasida paydo bo‘lishdagi rolini yuqori baholagandi.
Yosh sionist
Isroil davlatining bo‘lajak asoschisi 1886-yil 16-oktyabrda Rossiya imperiyasi hududi hisoblangan Polshaning Plonsk shaharchasida dunyoga kelgan. David Iosif Grin oilasi (Ben-Gurion familiyasini u 1909-yilda oladi) boy ham, badavlat ham emasdi. Oila boshlig‘i Avigdor Grin sud nazorati xodimi bo‘lib, “Sion oshiqlari” jamiyatining ko‘zga ko‘ringan a’zosi edi. David tug‘ilganida nimjon va zaif, noproportsional boshga ega bo‘lgan.
David uch yoshga to‘lganida bobosi uni tizzasiga o‘tqizib olib, ivritni o‘rgata boshlaydi. Natijada Ben-Gurion o‘shandayoq kelajakda Plonskda emas, balki tarixiy vatani — yahudiylar yerida yashashi kerakligini tushunib yetadi. O‘n yoshga to‘lishidan oldin David ilk bor ota onasida Teodor Gersl haqida eshitadi — u Avstriyada yashovchi sionist bo‘lib, Falastin yerlarida yahudiylar davlatiga asos solish bo‘yicha chaqiriqlar bitilgan pamfletni yozgandi. Gerslning mehnati Plonskda sionistlarning qo‘zg‘alishiga olib keldi. David esa do‘stlari bilan tengdoshlarini ivrit tiliga o‘rgatadigan “Ezra” harakatini tuzadi. XX asr boshlarida Yevropadagi yahudiylar jamoasi idish tilida so‘zlashgan, shu sababdan ivrit yoshlar uchun “maxfiy tilga” aylanadi.
David keyinchalik 1903-yil avgust kunlarining birida o‘ziga qattiq ta’sir qilgan voqeani eslaydi. Yozgi jaziramadan dam olish maqsadida u “Ezra”dagi do‘stlari bilan daryoda cho‘milayotganida gazetadan o‘zlari uchun dahshatli yangilikni o‘qib qoladi. Ular o‘zi hurmat qilgan Teodor Gersl Britaniya hukumatining yahudiylar davlatini Falastinda emas, balki Sharqiy Afrikada yaratish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlagandi. O‘shanda do‘stlar yahudiy xalqi o‘z yerlariga qaytishi to‘g‘risida va’dalashadi.
Ammo David Yaqin Sharqqa qaytishga shoshmaydi va Varshavaga yo‘l olib, muhandislikka o‘qiy boshlaydi. Oliy ta’lim dargohiga o‘qishga kira olmagach, yigitcha siyosatdagi ilk qadamlarini qo‘yadi. 1905-yilda rus inqilobidan ilhomlangan David “Sion ishchilari” sionistik-sotsialistik harakatiga qo‘shiladi. Ommaviy tadbirlarda u boshqa bir yahudiy sotsialistik harakati — “Bund” vakillari bilan bir necha bor bahsga kirishadi.
Siyosiy raqiblari “Sion ishchilari”dan farqli ravishda yahudiy xalqini quvg‘inda deya hisoblamay, yahudiy jamiyati vatani ular o‘zlari yashayotgan davlat deya hisoblab kelgan. Munozaralarning birida David raqiblariga “Bizning qurollarimiz bor va biz sizlarni it kabi otib tashlaymiz”, deya baqiradi.
1906-yilda David yahudiylar davlatini qayta tiklash haqidagi quruq gap-so‘zlardan amaliy ishlarga o‘tadi. Hammaslaklaridan iborat kichik guruh bilan u Odessaga qadar poyezdga o‘tiradi va soxta hujjatlar bilan Falastinga boradigan rus yuk kemasiga minadi. Bu vaqtda Falastin Usmoniylar imperiyasi nazoratida edi. Oradan 10 kun o‘tgach, David va uning sheriklari Yafa qirg‘oqlariga yetib boradi.
Mehnatda toblanish
Manzilga yetib kelgan David yahudiylarning Falastindagi eng katta jamoasi joylashgan Petah-Tikva shahriga yo‘l oladi. 19 yoshli yigit bu yerda dehqonchilik bilan shug‘ullanishga qaror qiladi: u yahudiylar o‘z davlatini faqat Falastin yerlarida dehqonchilik qilib, egallash orqali yaratishlari mumkinligiga ishongan. Ammo og‘ir jismoniy mehnat uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsata boshlaydi, qo‘shimchasiga bezgak bilan xastalanadi. Kasalligi sabab daromad topish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan David umrining eng og‘ir davrini boshidan o‘tkazadi.
Mashaqqatli mehnat va boy dehqonlarga nafrat Devid Grinning sotsialistik g‘oyalarga bo‘lgan ishonchini kuchaytirdi. U “Sion ishchilari” tashkilotidagi faoliyatiga urg‘u beradi, 1907-yil kuzida mamlakat shimoliga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda David dehqonchilik bilan o‘z davlatini qura olmasligini tushunib yetadi — ular qo‘lga qurol olib, o‘zlarini himoya qilishni o‘rganishi lozim etadi. Bu vaqtda yahudiy qavmlarini arablar va Kavkaz urushi vaqtida Rossiya imperiyasidan Falastinga qochgan cherkeslar qo‘riqlardi. Shunday qo‘riqchilardan biri o‘g‘rilik sodir etgan vaqtida qo‘lga tushadi va qavm aholisi uni yahudiy ishchilaridan mudofaa kuchlarini tuzishga majburlaydi. Grin ham ular orasida bo‘lib, keyinchalik qabila boshlig‘i agarda bunga rozi bo‘lmaganida Isroil davlati ham tashkil etilmagan bo‘lishini ko‘p eslagan.
Yollanma qo‘riqchilar xizmatidan voz kechish arablar bilan muntazam to‘qnashuvlarni yuzaga keltiradi. 1909-yil aprelida shunday mojarolarning birida ikki yahudiy halok bo‘ladi. O‘shandayoq ikki xalq o‘rtasida yirik qonli to‘qnashuvdan qochib bo‘lmasligi ma’lum bo‘lgandi.
Shu yilning yozida David endigina yaratilgan “Sion ishchilari” gazetasining muharrirligi lavozimiga taklif etiladi. U maqolalaridan biriga David Ben-Gurion (“sher o‘g‘li”) taxallusini qo‘yadi. Falastin va yahudiy jamiyatining ijtimoiy-siyosiy hayotiga chuqurroq kirib borgan Devid o‘z xalqi manfaatlarini faqat turk davlat muassasalari orqali himoya qilishini tushunadi va shuning uchun u turk tilini va Usmonlilar qonunlarini o‘rganishi kerakligini anglaydi. 1911-yil noyabrda Ben-Gurion turk tilini o‘rganish uchun Salonikiga yo‘l oladi, keyin esa do‘sti Is’hoq Ben-Svi bilan Istanbul universitetiga o‘qishga kiradi.
Poytaxtda yashash asnosida yosh yigitlar tashqi ko‘rinish jihatidan hatto turklarga taqlid qiladi — feska (popukli bosh kiyim) kiyadi va mo‘ylov qo‘yadi, yosh turklar davrida yahudiy xalqining kelajagi uchun umid uyg‘ona boshlaydi. Birinchi jahon urushi, Usmonlilar imperiyasining esa Germaniya tarafida bo‘lishi ularning orzularini yo‘qqa chiqaradi. Bir vaqtning o‘zida mamlakatda yahudiylarni ta’qib qilish boshlanadi, sionistlar esa davlat dushmani deya e’lon qilinadi. 1915-yil martda Ben-Gurion va Ben-Svi Turkiyadan o‘sha vaqtda britanlar nazorati ostida bo‘lgan qo‘shni Misrga butunlay deportatsiya qilinadi.
Do‘stlar u yerdan AQSHga borib, “Sion ishchilari”ning mahalliy bo‘linmasiga qo‘shiladi va yahudiy yoshlarini Falastinga ko‘chishga targ‘ib qila boshlaydi. Ben-Gurion va Ben-Svi Amerika bo‘ylab safar uyushtiradi, ammo ularning ma’ruzalari kutilganidan natija bermas, maxsus tashkil etilgan “Kashshof” guruhida faqat bir necha o‘n amerikalik yahudiylar qo‘shilishga rozi bo‘ladi, ular orasida yosh Golda Meir ham bor edi.
O‘shanda Ben-Gurion va uning sheriklari Falastindagi muhojirlar hayoti haqida hikoya qiluvchi “Izkor” kitobini ingliz tilida chop etishga qaror qiladi. Tarjima jarayonida u hamshira Paula Mobaz bilan tanishib qolib, tez orada qizga uylanadi. 1918-yilda chop etilgan asar katta muvaffaqiyatga erishadi va Ben-Gurion sionistik harakat rahbarlarining birinchi qatorlaridan o‘rin oladi.
Kitobning chop etilishi sionistik harakat uchun juda muhim voqeaga aylanadi. 1917-yil 2-noyabrda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Artur Balfur mamlakatdagi yahudiylarning norasmiy yetakchisi baron Rotshildga maktub yo‘llab, hukumat Falastinda yahudiylar uchun “milliy o‘choqni” qayta tiklash niyatida ekanini bildiradi.
Butun dunyo yahudiylari Balfur deklaratsiyasini katta ishtiyoq bilan qarshi oladi va Britaniya armiyasida ilk yahudiy batalyonlar shakllana boshlaydi. Ben-Gurion hujjatga shubha bilan qarasa-da, Britaniyada Turkiya bilan urushga qo‘llab-quvvatlaydi. 1918-yil aprelida u homilador rafiqasiga Yahudiylar legioniga ko‘ngilli bo‘lib qo‘shilmoqchi ekanini aytadi, tez orada esa Kanadadagi mashg‘ulot poligoniga yo‘l oladi, avgust oyida bo‘lsa ular Misrning Port-Saidga keladi. Ammo Ben-Gurion jangovar harakatlarda ishtirok etishga ulgurmaydi: Misrda u ichburug‘ bilan og‘rib qoladi, gospitaldan chiqqanida esa britanlar Falastinni egallab bo‘lgandi.
Imperiya asirlari
Mamlakatga qaytgan Ben-Gurion bor kuchi bilan Falastinning siyosiy hayotiga kirishib ketadi. U yangi “Mehnat birdamligi” partiyasi rahbariga aylanadi, biroq Falastinda yashovchi yahudiylarni birlashtiradigan kuch bo‘lib xizmat qiluvchi yangi tashkilot kerakligini tushunib turardi. Shunday qilib 1920-yilda Isroil umumiy mehnat federatsiyasi — Gistadrut paydo bo‘ladi. Oradan bir yil o‘tgach yozda Ben-Gurion Gistadrut kotibiyatiga saylanadi va tez orada tashkilot yetakchisiga aylanadi.
Ko‘chib kelayotgan yahudiylar oqimi va britanlarning Falastinda ularga “o‘z uyini” berish niyati arab aholida avvaliga xavotir, keyin esa nafratni yuzaga keltiradi. 1921-yil mayda Yafada arab isyon boshlaydi, to‘qnashuvda o‘nlab yahudiy halok bo‘ladi. Sarosimaga tushgan Britaniya hukumati yahudiylar emigratsiyasini vaqtincha cheklaydi.
O‘shanda Ben-Gurion vaziyatni qo‘lga olish keraklini tushunib yetadi va bor kuchini Gistradrutni rivojlantirishga sarflaydi — tashkilot davlat ichidagi davlatga aylana boshlaydi. 1930-yilda Ben-Gurion ijroiya qo‘mitasiga saylanadi, keyin esa Yahudiylar agentligi — Falastindagi yahudiylar repatriatsiyasi bilan shug‘ullangan xalqaro sionistik tashkiloti raisi bo‘ladi. Germaniyada Adolf Gitler hokimiyat tepasiga kelgach, Ben-Gurion nemis yahudiylarini Falastinga ko‘chirish bilan shug‘ullanadi va yana arablar g‘azabiga duchor bo‘ladi.
1936-yili Falastinda yahudiy va arablar o‘rtasida navbatdagi to‘qnashuv yuz beradi. Yahudiylar agentligi keskin javob qaytarishdan tiyiladi, ammo barcha siyosiy kuchlar ham bu yo‘nalishga rozi emasdi: “Irgun” nomli radikal harbiy tashkilot arab qavmlariga qarshi qasos boshlab yuboradi.
Vaziyatda tashvishga tushgan Britaniya hukumati lord Uilyam Pil boshchiligidagi maxsus komissiyaga bu borada yechim topishni topshiradi. 1937-yilda komissiya Britaniya mandat muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan oladi va Falastin hududida ikkita mustaqil — arab va yahudiylar davlatini tashkil etishni tavsiya qiladi. Mamlakatni bo‘lish rejasi qattiq qarshiliklarga uchraydi. Bunga nafaqat arablar, balki yer kam ajratilayotgani uchun yahudiylar ham norozi edi. Ben-Gurion Pilning rejasini qo‘llab-quvvatlab, sheriklarini chegaralar abadiy emasligi, mustaqil davlatchilik faqat boshlanishi ekaniga ko‘ndiradi.
1939-yil 15-martda o‘tkazilgan yig‘ilishda Britaniya ikki tomon delegatsiyasiga o‘z taklifini o‘qib eshittiradi: 10 yil ichida Falastin hududida ikki davlat tashkil etiladi; yahudiylar immigratsiyasi dastlabki besh yilda 75 ming kishi bilan cheklanadi; yahudiylar tomonidan yer sotib olishga limit o‘rnatiladi. Ben-Gurion va uning hamkasblari rejani ma’qullamaydi va Londonni tark etadi. May oyida Britaniya hukumati yahudiylar delegatsiyasi rad etgan tashabbuslar qonuniylashtirilgan “Oq kitob”ni chop etadi.
Yetakchi
Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan keyin Ben-Gurion o‘z oldiga muhim vazifani qo‘yadi: 4 yil ichida aholi sonini ikki barobarga oshirish. Ammo real vaziyat kutilganidan ham o‘tib tushadi: bu vaqt ichida yosh davlatga 680 mingdan ortiq odam ko‘chib keladi.
Xalqaro tashkilotlarning harakati ham yahudiy rahbariyati hayotini yengillashtirmasdi: 1949-yil 9-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 1947-yilda Falastinni bo‘lish to‘g‘risidagi rezolyutsiyada keltirilgani kabi Quddusga xalqaro maqomni beradi. Biroq bu vaqtda shahar tom ma’noda Isroil va Transiordaniya o‘rtasida ikkiga bo‘lingandi. Ben-Gurion Quddusdan boshqa shahar mamlakat poytaxti bo‘la olmasligini bilib, BMT talabini shunchaki rad etibgina qolmay, Tel-Avivdan Quddusga knesset (Isroil qonunchilik organi) va davlat tashkilotlarini ko‘chirishni buyuradi.
Ben-Gurion bosh vazirligi davrida arablar bilan tinchlik borasida kelishishga urinadi, biroq bu amalga oshmaydi. 1951-yilda muzokaralar davomida biroz oldinga siljishga erishilgan podshoh Abdulla Al-Aqso masjidi ostonasiga o‘ldiriladi. Natijada yana ziddiyat yuzaga keladi va Ben-Gurion chetdan ittifoqchi qidirishga tushadi.
Avvaliga optimal nomzod sifatida Buyuk Britaniya ko‘rib chiqiladi. 1951-yilda britanlar hukumati Isroilga Buyuk Britaniya va uning sobiq mustamlakalarini birlashtiruvchi Hamdo‘stlikka qo‘shilishga taklif etadi, ammo bunday variant Ben-Gurionni qoniqtirmasdi. U britanlarga harbiy hamkorlik taklifini bildiradi, biroq muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgandi. Shunda Isroil bosh vaziri AQSHga o‘z mamlakatidan “G‘arbning Yaqin Sharqdagi tayanchi” sifatida foydalanish taklifini beradi.
1952-yilda Isroil iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qoladi: import-eksportda sezilarli darajada ortib ketadi, o‘z navbatida budjet taqchilligi yuzaga keladi, ishsizlar soni ortadi. Ikkinchi jahon urushida ko‘rgan zarari uchun Germaniya tomonidan berilgan yordam pullari mamlakatni qutqarib qoladi. Hukumat olgan mablag‘larini iqtisodiy sohalarini rivojlantirishga, maktab va universitetlar qurish, armiyani ta’minlashga sarflaydi. Bunday strategiya tez orada o‘z mevasini beradi: Isroilda iqtisodiy o‘sish kuzatiladi. Mamlakatda yillik YIM o‘sishi 11 foizni tashkil etadi.
1953-yil yozida Isroil bosh vaziri uch oylik ta’til oladi va undan qaytishi bilan iste’fosini e’lon qiladi. Oradan ikki yil o‘tgach esa u mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanadi.
Qariyaning qaytishi
Hukumatga qaytgan Ben-Gurion bor e’tiborini Misrga qarshilik ko‘rsatishga qaratadi. U qo‘shnisining har bir harakatiga qattiq javob qaytaradi: har bir to‘kilgan yahudiy qoni uchun qasos olinishi mudofaa vazirining shioriga aylanadi. Bunday keskin pozitsiya Ben-Gurion va mamlakat bosh vaziri Moshe Sharet o‘rtasida tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Saylovlar arafasida Ben-Gurion yana bir bor bosh vazir kursisi uchun kurashmoqchi bo‘ladi. 1955-yil avgustida u yangi hukumatni shakllantirishga kirishadi.
Noyabr oyida bosh vazirlikka saylangan Ben-Gurion Misr bilan urushga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. AQSHda yordam ololmagan Isroil bu safar Fransiyani o‘ziga ittifoqchiga aylantiradi. Fransiya Isroilga 200 ta AMX tanklari, 72 ta Mystere-IV qiruvchisi, 40 mingta artilleriya snaryadlari va tankka qarshi 10 mingta raketani yetkazib berish majburiyatini zimmasiga oladi.
Qurollarning dastlabki partiyalari Isroilga iyul oxirida yetib kela boshlaydi va shu payt Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir muhim qadamni amalga oshiradi: u Suvaysh kanali milliylashtirilishini e’lon qilib, London va Parijning qarshiligiga uchraydi. Oktyabr oxirida Ben-Gurion britan va fransuz rahbariyati bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazib, protokol imzolaydi: Isroil Misrga birinchi bo‘lib hujum qiladi, ortidan fransuz va britanlarning qo‘shinlari qo‘shiladi. Fransiyadan qaytib kelgan bosh vazir og‘ir betob bo‘lib qoladi, ammo harbiy operatsiyaga tayyorgarlikni susaytirmaydi.
1956-yil 29-oktyabrda u jangovar harakatlarni boshlashni buyuradi. 31-oktyabr kechga borib esa Fransiya va Buyuk Britaniya unga qo‘shiladi. Urush boshlanganidan olti kun o‘tib Isroil harbiylari Sinayni to‘liq qurshab oladi va vaziyatga SSSR aralashadi: sovet rahbariyati Fransiya, Buyuk Britaniya va Isroilga norozilik notalarini yuboradi hamda yadroviy qurol bilan tahdid qiladi. Bu esa AQSHda ham noroziliklarni keltirib chiqara boshlaydi.
NATOdagi ittifoqchilarining bosimi ostida Fransiya va Buyuk Britaniya qo‘shinlarini olib chiqadi, bu vaqtda Sovet Ittifoqi yahudiylar davlatiga Suriya orqali hujumga tayyorlanayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaydi. Ikkita front ochilishidan qo‘rqqan Ben-Gurion qo‘shinlarini Sinaydan olib chiqib ketadi.
1963-yilda Ben-Gurion yana kutilmaganda iste’fo beradi. Tarixchilar buni 1954-yili Misrdagi muvaffaqiyatsiz operatsiya va Germaniya bilan yaqinlashuv siyosati bilan bog‘laydi. Iste’fodan keyin Ben-Gurion Isroil siyosiy hayotidagi ishtirokini davom ettiradi, biroq 1970-yilda undan to‘liq uzilib qoladi. U memuarlar yozishga kirishadi va 1973-yilning 1-dekabrida 87 yoshida vafot etadi.
Izoh (0)